«Hilol Nashr» Dushanbeda: XI xalqaro kitob ko‘rgazmasi taassurotlari


«Hilol Nashr» nashriyoti 3-6-oktabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilgan XI xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ko‘rgazmada MDH mamlakatlari hamda Eron, Turkiya, Hindiston kabi mamlakatlarda faoliyat olib boruvchi nashriyotlar o‘z kitoblari bilan ishtirok etishdi.  

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan kitobxonlar «Hilol Nashr» nashriyotining kitoblariga katta qiziqish bildirishdi. Ayniqsa, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Tafsiri Hilol» va «Baxtiyor oila» asarlari, nashriyotimizda chop etilgan turli ko‘rinishdagi Mus’hafi shariflar, «Oltin silsila» turkumidagi «Sahihul Buxoriy» to‘plami hamda Abdulla Oripov, Erkin Malik, Mahmud Toir asarlari Tojikistonda istiqomat qiluvchi o‘zbekzabon kitobsevarlarning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Tariximiz va madaniyatlarimizdagi umumiylik va yaqinlik sabab tojikistonlik kitobxonlar o‘zbek yozuvchi va shoirlarining asarlarini sevib o‘qishlarini bildirishdi va ko‘plab kitoblarini xarid qilishdi.

Ko‘rgazma kunlari e’tiborimizni tortgan bir jihat – bugungi tojik jamiyatida yozuvchi va shoirlarga e’tibor ancha baland ekani bo‘ldi. Odamlar qalam ahliga o‘zgacha hurmat bilan munosabat qilishar ekan, xuddi bizda o‘tgan asrning 90-yillarida bo‘lgani kabi. Diqqatimizni tortgan yana bir narsa Eron va Rossiyadan kelgan noshirlar delegatsiyasiga boshqalardan ko‘ra kattaroq joy ajratilgani va ular tomonidan alohida dastur ham tayyorlab kelingani bo‘ldi. Bu bugungi Tojikistonning Eron va Rossiya bilan madaniy-ma’naviy va siyosiy-iqtisodiy sohalarda qanday munosabatda ekanini ko‘rsatuvchi belgi hisoblanadi deyish mumkin. 

Ko‘rgazma doirasida qator madaniy tadbirlar, turli mamlakatlarda kelgan yozuvchi va shoirlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Dushanba shahrida faoliyat yurituvchi «Muosir» nashriyotiga tashrif buyurib, nashriyot faoliyati bilan tanishishdi. Keyingi kun esa ko‘rgazma ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi eng katta kutubxonalardan biri bo‘lgan Tojikiston Milliy kutubxonasiga borib, kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur kutubxona 2012-yil Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilgan bo‘lib, kutubxona fondida turli tillardagi 3 milliondan ortiq kitob mavjud ekan.

Bundan tashqari ko‘rgazmaga tashrif buyurgan nashriyotimiz vakillari bilan Dushanbe shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy va zamonaviy obidalarini borib ko‘rdik. Xususan, Dushanbe shahri chetida joylashgan Nashqbandiya tariqati namoyandasi Mavlono Ya’qub Charxiy va Muhammadjon domla (Mavlaviy Hindistoniy) maqbaralarini ziyorat qildik. Shuningdek, 2023-yil iyun oyida foydalanishga topshirilgan Markaziy Osiyoda eng katta masjid-majmua ekani aytilayotgan Imom A’zam No‘mon ibn Sobit nomidagi majmuani ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik.

Ko‘rgazmaning so‘nggi kuni ishtirokchilar hamda qalamkashlar tashkilotchilar tomonidan turli diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Dushanbe xalqaro kitob ko‘rgazmasida ilk marotaba ishtirok etgan «Hilol Nashr» ham Tojikistonda o‘tadigan keyingi ko‘rgazmalarga qanday tayyorgarlik ko‘rish borasida foydali tajriba va xulosalar bilan qaytdi.