Menu
Your Cart

«Kifoyatul g'ulom» (Islomning besh rukni)

«Kifoyatul g'ulom» (Islomning besh rukni)

«Kifoyatul g'ulom»
(Islomning besh rukni)


Soʻzboshi


Bandalariga Islomni din deya rozi boʻlgan Alloh taologa hamd-u sanolar boʻlsin!


«Islom besh narsa ustiga bino boʻlgan», deya marhamat qilib, ushbu ruknlarni ummatiga bayon etib bergan Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga salot-u salomlar boʻlsin!


Rasullaridan olgan taʼlimotlarni u zotdan keyin butun ummatga yetkazgan sahobalarga, tobeʼin va tabaʼa tobeʼinlarga Allohning roziligi boʻlsin!


Anbiyolarga merosxoʻr boʻlgan barcha ulamolarga, fuqaholarga, alalxusus, hanafiy mazhabi faqihlariga Allohning rahmati boʻlsin!


Alloh taologa behad hamd-u sanolar boʻlsinki, hanafiy mazhabimizning mashhur ulamolaridan boʻlmish Sayyid Abdulgʻoniy Nobulsiy ibn Sayyid Ismoil Nobulsiy hazratlarining «Kifoyatul gʻulom» nomli mashhur manzumalarini tarjima qilib, sharhlash sharafiga muyassar boʻlib turibmiz.


Asarning nomidan koʻrinib turganidek, bu kitob dinimizning besh ruknini oʻrganish uchun kifoya qilgudek ixcham, loʻnda va oson tarzda, yosh bolalarga yodlatish uchun nazmiy uslubda yozilgan. Shu sabab biz uning oʻzbekcha nomini «Islomning besh rukni» deb atadik. Ushbu manzuma goʻzal muqaddimadan, 151 bayt hamda xotimadan iborat. Unda asosan Islomning besh rukni – kalimai shahodat, namoz, roʻza, zakot, haj ibodatlari hamda ularga oid hukmlar bayon qilingan.


Muallif manzumani «Yosh bolalar uchun kifoya» deb atagan boʻlsa-da, u fiqh ilmini boshlangʻich bosqichda oʻrganayotgan har qanday yoshdagi kishilar uchun ham ayni muddaodir. Islomning ruknlarini, fiqh ilmini ilk bor oʻrganmoqchi boʻlganlar ushbu manzuma va uning sharhi bilan kifoyalanishlari, keyin boshqa bosqichlarga oʻtishlari tavsiya qilinadi. Shu bois mazkur qoʻllanmani taʼlim muassasalarida boshlangʻich bosqichdagi tolibi ilmlar uchun oʻquv dasturiga kiritish ham mumkin. Zero, buni koʻpchilik ustozlar tavsiya qilishgan, koʻplab musulmon yurtlarda bu asar boshlangʻich darsliklar qatoriga kiritilgan.


Ayni paytda bu kitobdan foydalanishni mustaqil oʻrganuvchilarga ham tavsiya qilish mumkin, chunki kitobning tili oson va ravon boʻlib, u oila davrasida oʻqib-oʻrganilishi, ota-onalar uni farzandlariga oʻqib berishlari, oʻrgatishlari ham maqsadga muvofiqdir.


Asarning asl shaklidagi ruhiyatni saqlab qolish maqsadida tarjima va sharh asnosida avval asl arabcha matnni keltirib, tolibi ilmlar yaxshi oʻzlashtirishi uchun uning soʻzma-soʻz oʻzbekcha tarjimasi ham berildi, soʻng baytning oʻzbekcha maʼno tarjimasi ham nazmga solindi. Soʻng har bir bayt kengroq sharh qilinib, undagi ahkom va masalalar keltirib oʻtildi. Oʻquvchilar uchun notanish boʻlishi mumkin boʻlgan ayrim soʻz va iboralarning lugʻaviy va istilohiy maʼnolari ham zikr qilindi. Asar boshlangʻich bosqichga moʻljallangani uchun sharhni ham yengilroq berishga harakat qilindi, qoʻshimcha izoh va havolalar bilan ogʻirlashtirilmadi.


Manzuma imkon qadar yengil usulda yozilgani uchun unda Islomning besh rukniga oid barcha masalalar toʻliq berilmagan. «Tuhfatul atfol» kitobida tajvidning hamma qoidalari keltirilmaganidek, bu asarda ham barcha mavzularni toʻliq qamrab olish maqsad qilinmagan.


Oʻquvchilarni muallif bilan tanishtirish maqsadida kitobning avvalida u zotning tarjimai holi berildi. Shuningdek, manzumaning arabcha va oʻzbekcha matnlarini yodlash oson boʻlishi uchun ular alohida matn qilib ham taqdim qilindi.


Islomiy ilmlarni oʻrganishni boshlayotganlar besh ruknni yaxshi bilib olishlari uchun asarning arabcha matnini yodlashni tavsiya qilamiz. Soʻngra uning maʼnolarini ham tushunish, ahkomlariga amal qilish maqsadida soʻzma-soʻz tarjima hamda oʻzbekcha nazmdan ham foydalanish mumkin. Matnni yaxshilab yod olib, sharhlarni takror-takror oʻqib, mustahkam oʻzlashtirgan talaba istalgan paytda matnni eslab, unga tayangan holda mavzuga aloqador hukmlarni, fiqhiy qoidalarni yodga olishi oson boʻladi, biror mavzu zikr qilinsa, shu haqdagi baytlardan iqtibos, sharhlardan dalil keltirishi ham mumkin boʻladi. Manzumaning arabcha matni ham, oʻzbekcha nazmi ham yod olinsa, nur ustiga nur boʻladi. Zero, ilmni mana shunday uslubda oʻrganish buyuk ajdodlarimizdan bizga merosdir.


Fursatdan foydalanib, bu ojizona mehnatimizni eʼtirof etib, vaqtlarini ayamay, taqdim va taqrizlar yozib bergan ulugʻ ustozlarimizga tashakkurimni bildiraman, Alloh martabalarini yanada yuksak qilsin!


Shuningdek, manzumaning tarjimasini nihoyatda tez va goʻzal tarzda nazmga solib bergan birodarimiz mohir shoir Toʻlqin Azimga alohida tashakkurlarimni izhor qilaman. Alloh taolo solih amallariga, vaqtlariga barakot bersin!


Ayni paytda, barcha tarjima va taʼlifotlarda kamina bilan barobar mehnat qiladigan muharririmiz Barno Saidrahmonga ham samimiy tashakkurimni izhor qilaman, Alloh taolo koʻp yillar barcha xayrli ishlarimizda kamarbasta boʻlishlarini nasib aylasin!


Shuningdek, bu ishga xolis hissa qoʻshgan birodarimiz Abdulloh Rahimga ham tashakkurlar aytaman. U kishiga manfaatli ilm ato etishini, xususan, fiqh ilmida yuksak choʻqqilarni zabt etishlarini nasib qilishini soʻrab, Alloh taologa duolar qilaman.


Shariat xodimasi

Odinaxon Muhammad Sodiq


Muallif: Shayx Abdulgʻoniy Nobulsiy

Tarjimon: Odinaxon Muhammad Sodiq

Nashriyot: «Hilol nashr»

Sana: 2024 yil

Hajmi: 296 bet

ISBN: 978-9910-731-34-1

Bichimi: 84×108 1/16

Muqovasi: yumshoq


Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining 2023 yil 07 noyabrdagi 03-07/8232-raqamli hamda 13 noyabrdagi 03-07/8374-raqamli xulosalari asosida tayyorlandi


Mundarija

Taqdim

Soʻzboshi

Muqaddima

Shahodat taqozo qiladigan masalalar

Namoz haqidagi fasl

Zakot berish haqidagi fasl

Roʻza haqidagi fasl

Qodir boʻlgan odamning Baytullohni haj qilishi haqidagi fasl

Foydalanilgan manbalar

Тавсия ёзиш

Изоҳ: HTML is not translated!
Ёмон Яхши
«Kifoyatul g'ulom» (Islomning besh rukni)
49 000 сўм
  • Stock: Мавжуд
  • Код: 4982
  • Вазни: 0.32кг
  • ISBN: 9789910731341
Сотилган сони: 33
Кўрилган сони: 1765
Сайтимиз ишлашини яхшилаш учун биз cookie-файллардан ва шунга ўхшаш бошқа технологиялардан фойдаланамиз. Талаб ва шартлар.